Har bir murojaat e'tiborda

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga kelib tushayotgan har bir murojaat qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqilib, unda ko‘tarilgan masalalarga ilmiy asoslangan yechim topishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Zarur hollarda murojaatlar soha olimlari va mutaxassislari ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, tegishli tavsiyalar ishlab chiqilmoqda.
Ana shunday murojaatlardan biri — fuqaro Husanboy Musaboyev tomonidan ishlab chiqilgan “NANO ORGANIC” tabiiy organik-mineral o‘g‘iti yuzasidan kelib tushgan taklif bo‘ldi. Mazkur murojaatni atroflicha ko‘rib chiqish maqsadida Zoom platformasi orqali uchrashuv tashkil etildi. Unda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi mutasaddilari, Agroxizmatlar markazi hamda tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlari va ilmiy-tajriba stansiyalari olimlari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida murojaatchi “NANO ORGANIC” tabiiy organik-mineral o‘g‘itining tarkibi, xususiyatlari va qo‘llash istiqbollari haqida batafsil ma'lumot berdi. Ta'kidlanganidek, mahsulot tabiiy vulqon lavasi kukuni asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, uning tarkibida azot, fosfor, kaliy, gumus hamda qator mikro va makroelementlar mavjud. Murojaatchining fikricha, ushbu o‘g‘it tuproqning biologik faolligini oshirish, ildiz tizimini rivojlantirish va o‘simlikning tabiiy immunitetini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokamalar davomida soha olimlari mahsulotni belgilangan tartibda ilmiy ekspertizadan o‘tkazish, tarkibini chuqur o‘rganish hamda tadqiqot natijalari asosida ilmiy xulosa berish zarurligini ta'kidladilar. Shuningdek, manfaatdor ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ilmiy xulosa ijobiy bo‘lgan taqdirda esa Agroxizmatlar markazi bilan hamkorlikda seminarlar tashkil etish va mahsulotni keng targ‘ib qilish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube