G‘o‘za seleksiyasida yangi bosqich: tezlashtirilgan seleksiya platformasi taklif etildi

Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Abrorjon Qurbonov va mahalliy hamda xorijiy olimlar hamkorligida g‘o‘za seleksiyasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ilmiy maqola nufuzli xalqaro “Frontiers in Plant Science” jurnalida chop etildi.
“Speed breeding in upland cotton (Gossypium hirsutum L.): scientific foundations and integrated implementation of a next-generation cotton breeding platform” nomli maqola Scopus xalqaro ilmiy-ma’lumotlar bazasida Q1 kvartalga kiruvchi “Frontiers in Plant Science” jurnalining Plant Breeding yo‘nalishida e’lon qilingan.
Maqolada g‘o‘zaning yangi navlarini yaratish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan “Speed Breeding” — tezlashtirilgan seleksiya yondashuvining ilmiy asoslari va uni zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari keng tahlil qilingan.
Mualliflar g‘o‘za seleksiyasida avlodlar almashinuvini tezlashtirish uchun maxsus LED yoritish va fotoperiod rejimlari, harorat va oziqlanish sharoitlarini optimallashtirish, yetilmagan embrionlarni qayta tiklash texnologiyasi kabi usullarni qo‘llashni taklif etadi.
Shuningdek, maqolada molekulyar markerlar asosida tanlash (MAS), genom seleksiyasi (GS), CRISPR kabi genom tahrirlash texnologiyalari, yuqori samarali fenotiplash hamda sun’iy intellekt imkoniyatlarini tezlashtirilgan seleksiya jarayoni bilan integratsiya qilish masalalari yoritilgan.
Tadqiqotning muhim jihatlaridan biri — mazkur texnologiyalarni alohida-alohida qo‘llash emas, balki ularni yagona yangi avlod g‘o‘za seleksiyasi platformasi sifatida birlashtirish konsepsiyasining ilgari surilganidir.
Mualliflar ushbu yondashuv orqali g‘o‘zaning seleksiya jarayonini yanada jadallashtirish, qisqa muddatlarda istiqbolli genotiplarni aniqlash va iqlim o‘zgarishi hamda resurslar cheklangan sharoitlarga mos, yuqori hosildor va sifatli yangi navlarni yaratish imkoniyatlarini kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Mazkur ilmiy ish O‘zbekiston g‘o‘za seleksiyasida zamonaviy biotexnologiyalar, genomik yondashuvlar va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish uchun muhim ilmiy asos bo‘lib
xizmat qilishi mumkin.
Maqolani to‘liq shaklda ushbu havola orqali o‘qishingiz mumkin:
Frontiers in Plant Science — ilmiy maqola
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube