G‘o‘za hosili bugungi parvarishga bog‘liq: Qashqadaryoda ilmiy yondashuvga asoslangan amaliy seminar o‘tkazildi

Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishchi tashrif bilan Qashqadaryo viloyatida bo‘lib, hududlardagi g‘o‘za maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlar bilan tanishmoqda.
Tashrif dasturiga muvofiq, Qarshi tumanidagi "Bahodir Nuriddin baraka" fermer xo‘jaligi dala maydonida olimlar, agronomlar, agrar soha mutasaddilari, agroklasterlar vakillari, fermerlar hamda dehqonlar ishtirokida keng qamrovli amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda ayni kunlarda g‘o‘za parvarishida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar, sug‘orish va oziqlantirish tizimini to‘g‘ri tashkil etish, shuningdek, "Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 ta qonuni" asosida hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar har bir dala maydonining tuproq-iqlim sharoiti va g‘o‘zaning rivojlanish fazasidan kelib chiqib agrotexnik tadbirlarni rejalashtirish, o‘simlikni ilmiy asosda parvarishlash hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar. Seminar qatnashchilari dala sharoitida olib borilayotgan agrotexnik jarayonlarni bevosita kuzatib, mutaxassislar bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Seminarda so‘z olgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bugungi kunda har bir kun va har bir agrotexnik tadbir kelgusi hosil taqdirini belgilashini alohida ta’kidladi.
"G‘o‘za yuqori hosilni tasodifan bermaydi. U ilmga asoslangan parvarish, intizom va mehnat natijasida hosil beradi. Bugun dalada yo‘l qo‘yilgan har bir xato kuzda hosilda o‘z aksini topadi. Shuning uchun har bir fermer agronom tavsiyalariga tayanib ishlashi, har bir qarorni ilm asosida qabul qilishi zarur", — dedi vazir.
Shuningdek, vazir bu kabi amaliy seminarlarning asosiy maqsadi faqat nazariy bilim berish emas, balki fermerlarning har bir maydonda to‘g‘ri qaror qabul qilishiga ko‘maklashish, ilmiy ishlanmalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqarishga joriy etish ekanini ta’kidladi.
Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga olimlar va mutaxassislardan atroflicha javob oldilar. Ta’kidlanganidek, bunday amaliy muloqotlar fermerlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, agrotexnik tadbirlarni sifatli tashkil etish hamda joriy yilda paxtadan yuqori va sifatli hosil yetishtirishga xizmat qiladi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram