Global iqlim o‘zgarishlari va oziq-ovqat xavfsizligida o‘simliklar genetik resurslarining roli

Xabar berib borayotganimizdek, bugun Milliy markaz tizimidagi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti tashkil topganligini 100-yilligi munosabati bilan poytaxtimizdagi "INTERNATIONAL HOTEL TASHKENT" mehmonxonasida “Global iqlim o‘zgarishlari va oziq-ovqat xavfsizligida o‘simliklar genetik resurslarining roli” mavzusida ilmiy-amaliy simpozium tashkil etildi. Simpoziumda soha ilm-faniga endigina kirib kelgan tadqiqotchilardan tortib, dunyoga mashhur olimlar, xalqaro tashkilotlar va rahbarlari ishtirok etmoqda.
Anjumanda ma’ruza qilgan olimlar global iqlim o‘zgarishlari davrida o‘sib borayotgan dunyo aholisining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini to‘la qondirish, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishda innovatsion yondashuvlar, bioxilmaxillikni bugungi va kelajak avlod uchun bus-butun saqlash, o‘simliklar genetik resurslarini urug‘ va dala genbanklarida saqlashning zamonaviy usullari, global iqlim o‘zgarishi sharoitida seleksion muammolarning zamonaviy-innovatsion yechimlari, suv tanqisligi sharoitida biologik resurslardan foydalanish muammolari kabi yo‘nalishlarda o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ta’kidlash kerakki, anjumanning birinchi kuni dolzarb mavzulardagi qiziqarli ma’ruzalar va munozaralarga boy bo‘ldi. Shuningdek, olis va yaqindan kelgan ishtirokchilar O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy jamoasiga o‘zlarining samimiy tabrik va tilaklarini izhor qilishdi.
Xalqaro simpozium doirasida Respublikamiz va xorijiy mamlakatlar ilmiy tadqiqotchilardan 300 dan ortiq ilmiy maqolalar kelib tushdi hamda ularning 200 tasi qabul qilindi. Anjuman ertaga ilmiy muassasada davom etadi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEBTelegram Instagram | Facebook |▶ Youtube