Germaniyaning DEULA Nienburg ta’lim va malaka oshirish markazi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Germaniyaning DEULA Nienburg ta’lim va malaka oshirish markazining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha rahbari Aleksandr Jarov bilan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida qishloq xo‘jaligi sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini joriy etish hamda o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida Aleksandr Jarov DEULA Nienburg markazining tarixi, faoliyati va asosiy yo‘nalishlari haqida taqdimot bilan chiqdi. U Markaz 1926 yilda Germaniyada tashkil etilgani va bugungi kunda amaliy ta’lim berish bo‘yicha yetakchi muassasalardan biri sifatida e’tirof etilishini ta’kidladi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, DEULA Nienburg markazi qishloq xo‘jaligi texnikalarini boshqarish va servis xizmati, agroteknologiya va agronomiya, bog‘dorchilik va landshaft xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi va texnik xavfsizlik, sug‘orish va tuproq parvarishi hamda zamonaviy agromashinalarda amaliy tayyorgarlik kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlaydi.
Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda amaliy ta’limni kuchaytirish, DEULA mutaxassislari ishtirokida qo‘shma kurslar tashkil etish, kadrlar malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar innovatsion bilimlarni targ‘ib qilish, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlarini kengaytirish va DEULA Nienburg bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishib oldilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB | Telegram | Instagram | Facebook | Youtube