Erkin Qaraqalpaqstan” gazetasida paxtachilikda yuqori hosildorlikning 8 qonuniyati haqida maqola chop etildi

“Erkin Qaraqalpaqstan” gazetasining navbatdagi sonida Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Bekmurat Turdishevning paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 qonuniyati haqida “Пахташылықта инновациялық жаналаныўлар” sarlavhali maqolasi chop etildi.
Maqolada Qoraqalpog‘iston sharoitida paxtadan yuqori va sifatli hosil olishda ilmiy yondashuv, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, ilmiy yutuqlarni ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish hamda fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy manfaatdorligini oshirish masalalari yoritilgan.
Jumladan, hududda mahalliy navlar bilan bir qatorda xorijiy seleksiyaga oid g‘o‘za navlari ham yetishtirilayotgani qayd etilgan. Turli navlarni ishlab chiqarish sharoitida sinash, ularning tuproq-iqlim sharoitiga moslashuvi, o‘sishi, rivojlanishi va hosildorlik ko‘rsatkichlarini o‘rganish paxtachilikda yuqori natijalarga erishishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, g‘o‘zaning oziqlanish rejimi, makro va mikroelementlardan samarali foydalanish, o‘simlikning fiziologik holatini kuzatish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan.
Maqolada qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov tomonidan qoraqalpog‘istonlik fermerlar ishtirokida o‘tkazilgan seminarlarda paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 qonuniyatining mazmun-mohiyati va ahamiyati chuqur tushuntirilgani ham qayd etilgan.
Ta’kidlanganidek, mazkur qonuniyatlarni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish, zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish va ilmiy tavsiyalarga amal qilish fermerlarning paxtachilikda yuqori va sifatli hosil yetishtirishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu tamoyillar asosida “Paxtashılıqta joqarı züraätlilikke qaray: hár bir fermer orınlawı shárt bolǵan 8 qaǵıyda” nomli metodik qo‘llanma ham tayyorlangan. Unda fermerlar e’tiboridan chetda qolmasligi lozim bo‘lgan asosiy agrotexnik talablar jamlangan.
Batafsil ushbu havolada tanishishingiz mumkin:
https://online.pubhtml5.com/ivfzl/qtwz/
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube