Dorivor jenshen yetishtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarini malakasini oshirish va qayta tayyorlash institutidaO‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari hamda Koreyaning Gangwon Bio kompaniyasi bosh direktori Gapsu Yoon boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida jahon bozorida xaridorgir bo‘lgan dorivor jenshen o‘simligini O‘zbekistonda yetishtirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu ekinni zamonaviy biotexnologiyalar asosida ko‘paytirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolda mahsulotni tijoratlashtirish va eksport salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Koreyalik mutaxassislar loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, avvalo mavjud sharoitlarni joyida o‘rganish, zarur ehtiyojlarni aniqlash hamda ishlarni avval kelishilgan reja va standartlar asosida tashkil etish muhimligini ta’kidladilar. Shuningdek, jenshen mahsulotlarini bozorga olib chiqishda marketing strategiyasini puxta ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
O‘zbekiston tomoni mazkur loyiha mamlakatda dorivor o‘simliklar yetishtirishni rivojlantirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Shu bilan birga, loyihani qisqa muddatda amaliy bosqichga olib chiqish hamda uni amalga oshirishda har tomonlama tashkiliy va amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi bildirildi.
Gangwon Bio rahbariyati O‘zbekistonda jenshen yetishtirish loyihasini amalga oshirishda o‘z tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar jenshen yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube