Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

DOLZARB

DOLZARB
G‘alla parvarishi bo‘yicha amaliy seminarlar boshlandi Joriy mavsumda kuz oylarining me’yoridan ortiq quruq va iliq kelishi respublika bo‘ylab boshoqli don ekinlarining o‘sishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Sentabr–noyabr oylarida yog‘ingarchilikning kamligi va havo haroratining yuqoriligi sababli ayrim maydonlarda g‘alla umuman unib chiqmagan bo‘lsa, boshqalari 1–2 barg yoki 3–4 barg fazasida to‘xtab qoldi. Bu esa tuplanish jarayonini sekinlashtirib, ildiz rivojini sustlashtirdi, qishki sovuqqa chidamlilikni kamaytirdi. Quruq sharoit oqibatida tuproqning qattiqlashishi, mineral o‘g‘itlarning yaxshi o‘zlashmasligi va maysalarning norasoligiga o‘xshash salbiy holatlar ham kuzatilmoqda. Xalqaro tajribalarga ko‘ra, bunday sharoitda g‘alla maydonlarini yengil sug‘orish, ammoniy sulfat bilan oziqlantirish, biostimulyatorlar qo‘llash va tuproqda namni uzoq saqlaydigan agrotexnik choralar fermerlar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi respublika bo‘ylab maxsus Ishchi guruhlarni tashkil qildi. Ularning vazifasi — har bir kontur holatini joyida o‘rganish, mavjud muammolarni tahlil qilish va fermerlarga ilmiy asoslangan tavsiyalar berishdan iborat. Farg‘ona vodiysi viloyatlari bo‘yicha Respublika ishchi guruhiga Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Oybek Amanov rahbarlik qilmoqda. Hozirda guruh a’zolari fermerlar bilan bevosita muloqot qilib, g‘alla maydonlarining holatini o‘rganmoqda. Shunday uchrashuvlardan biri Andijon tumanida o‘tkazildi. Seminar davomida dalalardagi aniq holatlar ko‘rib chiqildi, fermerlar tomonidan berilgan savollarga ilmiy asoslangan javoblar berildi. "Urug'ni undirish uchun o‘q ariqlar oralig‘ini 60–70 metrdan oshirmasdan yengil sug‘orishni tashkil etish, tuproq namligini saqlash uchun chirigan go‘ng yoki qoplama materiali qo‘llash, rangi sariq yoki rivojdan ortda qolgan maydonlarda ammoniy sulfatni me’yorda berish, fosfor kam berilgan maydonlarda suyuq fosforli biostimulyatorlardan foydalanish, o‘sishni tezlashtirish maqsadida biostimulyatorlarni o‘z vaqtida qo‘llash, shuningdek go‘zapoyani maydalab tozalash va quyosh nurining maydonga yaxshi tushishini ta’minlash zarur" – deya ta’kidladi Oybek Amanov fermerlar bilan muloqotda. Seminar davomida fermerlarga biostimulyatorlarni to‘g‘ri qo‘llash, kechikib rivojlanayotgan maydonlarda qo‘shimcha oziqlantirish, chirigan mahalliy go‘ngdan foydalanish va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar bo‘yicha ham amaliy ko‘rsatmalar berildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, tavsiya etilgan agrotexnik choralar o‘z vaqtida amalga oshirilsa, mavsum boshida kuzatilgan quruq va iliq sharoitning salbiy ta’sirini kamaytirish, qishga chidamli va rivojlanishi barqaror bo‘lgan g‘alla maydonlarini shakllantirish mumkin. Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring. Web | Telegram | Facebook | Instagram

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.