Doktorantlar_kuni

Yosh olimlarning ilmiy izlanishlari natijalari ustozlar muhokamasida
Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Normuhammad Mamedov “G‘o‘zada sifatli urug‘lik yetishtirishda bioekologik omillarning ta’sirini ilmiy asoslash” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda.
Tadqiqotining asosiy maqsadi – g‘o‘za urug‘ligi sifatini ta’minlashda bioekologik omillarning ahamiyatini ilmiy jihatdan asoslashdir. Jumladan, urug‘lik sifat ko‘rsatkichlariga, genetik, matrikal va morfofiziologik xususiyatlarga hamda qimmatli xo‘jalik belgilariga bioekologik omillarning ta’sirini o‘rganyapti.
Izlanish doirasida urug‘likning genetik va ekologik xilma-xilligi tahlil qilinib, o‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishiga bioekologik omillarning ta’siri o‘rganilmoqda. Shu bilan birga, urug‘lik chigitlarning biokimyoviy tarkibi, g‘o‘za navlarining qimmatli xo‘jalik belgilari, tolaning texnologik ko‘rsatkichlari va urug‘lik sifatiga patogenlarning ta’siri ham tadqiq etilmoqda.
U bugun “Doktorantlar kuni” doirasida ustoz olimlar huzurida o‘z izlanishlari bo‘yicha taqdimot qildi. Unda qo‘lga kiritilayotgan ilmiy natijalar yoritildi. Taqdimotni tinglagan olimlar fakt va natijalarni chuqur tahlil qilib, doktorantga taklif va tavsiyalar berdi. Milliy markaz direktori o‘rinbosari, professor Bunyod Mamarahimov mavzudagi ayrim jihatlarga e’tibor qaratib, dissertatsiya mavzusiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar hamda tadqiqotning ilmiy yangiligiga aniqliklar kiritilishi zarurligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Shahzod Hotamov “Noan’anaviy sabzavot ekinlaridan pasternak (Pastinaca sativa L.) introduksiyasi va uni yetishtirish texnologiyasining ayrim elementlarini takomillashtirish (Toshkent viloyati misolida)” mavzusida olib borayotgan ilmiy ishi yuzasidan taqdimot qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu ekin turi yurtimiz uchun yangilik sanaladi. Chunki ilk bor ekilib, mahalliy tuproq-iqlim sharoitida sinovdan o‘tkazilmoqda. Ushbu doktorantga ham ustoz olimlar tomonidan ilmiy ishni puxta amalga oshirish uchun foydali maslahat, tavsiya va takliflar berildi. Ayniqsa, mavzu nomi va vazifalarni qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi. Boisi, ushbu ilmiy ish jarayonida mazkur o‘simlikning yangi navi yaratilmayotganligi, faqatgina introduksiya qilinayotganligi ta’kidlandi.
Davra suhbatida yosh olimlarga berilgan maslahatlar ularning ilmiy ishlarini muvaffaqiyatli yakunlashiga xizmat qilishi, shubhasiz.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB| Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube