Dalada qolgan plastik qayoqqa ketadi?

Ko‘p fermerda bir xotirjamlik bor: "Maydonni yig‘ishtirdim, chiqindini chetga surib qo‘ydim – dala toza." Aslida esa qishloq xo‘jaligi yerida qolgan plastik bir nechta o‘zaro bog‘liq yo‘ldan harakat qiladi va har biri oxir-oqibat yana insonga qaytishi mumkin.
Birinchi yo‘l – tuproq. Dalada qolgan plyonka, lenta va paket bo‘laklari yerga ishlov berish paytida tuproq bilan aralashadi, chuqurga kirib ketadi va yillar davomida yanada maydalanadi. Qishloq xo‘jaligi tuproqlari plastik ifloslanishining muhim to‘planish joylaridan biriga aylanmoqda. Zarrachalarning turi, o‘lchami va miqdoriga qarab, ular tuproq tuzilishi, g‘ovakligi, havo va suv harakati, shuningdek, unumdorlikni ta’minlaydigan foydali organizmlar hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Ikkinchi yo‘l – suv. Mayda plastik bo‘laklari ariq, kollektor, drenaj va sug‘orish suvi orqali bir daladan ikkinchisiga, undan daryo, ko‘l va yer osti suvlariga tarqalishi mumkin. Demak, bugun sizning dalangizda qolgan bir parcha plastik ertaga qo‘shni maydonga, keyin esa butun suv tizimiga yetib borishi ehtimoldan xoli emas. Bu yerda hech bir xo‘jalik boshqalardan butunlay ajralgan emas.
Uchinchi yo‘l, eng tashvishlisi – o‘simlik va oziq-ovqat zanjiri. Tajriba tadqiqotlari juda mayda zarrachalar, ayniqsa nanoplastiklar, muayyan sharoitlarda o‘simlikka ildiz yoki barg orqali kirib, boshqa to‘qimalarga o‘tishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Yirikroq mikroplastiklar esa tuproq holati, suv va ozuqa moddalarining o‘zlashtirilishiga ta’sir qilib, o‘simlikka bilvosita zarar yetkazishi mumkin. Real dala sharoitidagi dalillar hali to‘planmoqda, ammo fotosintez, o‘sish va hosil sifatiga ehtimoliy ta’sirning o‘ziyoq bugundan profilaktika choralarini ko‘rish uchun yetarli asosdir.
Qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning "Yangi O'zbekiston" gazetasida chop qilingan maqolasidan olindi.
To‘liq maqolani quyidagi havola orqali o‘qishingiz mumkin: https://yuz.uz/oz/news/kozga-korinmas-xavf-mikroplastik-va-bizning-dalamiz
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube