Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Dalada ilm gapirdi: Jarqo‘rg‘onda fermerlar uchun amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi

Dalada ilm gapirdi: Jarqo‘rg‘onda fermerlar uchun amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, ishchi tashrif bilan Surxondaryo viloyatida bo‘lib turgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligida Jarqo‘rg‘on tumanidagi "Abduxalil Faz Baraka" fermer xo‘jaligining dala shiyponida amaliy seminar tashkil etildi. Tadbirda fermer va dehqonlar, agrar soha mutaxassislari hamda olimlar qatnashdi. Seminarning asosiy mavzusi "Paxtachilikda yuqori hosildorlikka erishishning 8 ta qonuni" bo‘lib, unda paxtadan yuqori va sifatli hosil olishning ilmiy asoslangan yondashuvlari atroflicha muhokama qilindi. Tadbir davomida har bir qonunning mazmun-mohiyati mutaxassislar tomonidan batafsil tushuntirilib, ularning ilmiy asoslari, amaliyotda qo‘llash usullari hamda hosildorlikka ko‘rsatadigan ta’siri aniq misollar bilan izohlab berildi. Shuningdek, mavjud dala sharoiti asosida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashkil etish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi. Seminarda nafaqat paxtachilikka oid ilmiy yondashuvlar, balki bugungi kunda butun dunyo uchun dolzarb bo‘lgan ekologik va global muammolar ham muhokama markazida bo‘ldi. Xususan, dalalarda qoldirilayotgan plastik chiqindilarning vaqt o‘tishi bilan mikroplastiklarga aylanishi, ularning tuproq unumdorligiga salbiy ta’siri, suv va oziq-ovqat zanjiri orqali inson salomatligi uchun tug‘diradigan xavflari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shu bilan birga, antibiotiklarga chidamlilik kabi jahon miqyosidagi dolzarb masalaga ham alohida e’tibor qaratildi. Seminar ishtirokchilariga mahalliy olimlar tomonidan g‘o‘za parvarishida kremniyli o‘g‘itlardan foydalanish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi ilmiy tavsiyalar taqdim etildi. Qayd etilganidek, ilgari asosan meva-sabzavot ekinlarida qo‘llanilgan mazkur texnologiyaning paxtachilikda ham yuqori samara berishi ilmiy tadqiqotlar orqali isbotlangan. Seminarning eng muhim jihati nazariy bilimlarning amaliyot bilan uyg‘unlashganida namoyon bo‘ldi. Ishtirokchilar fermer xo‘jaligining paxta maydonlarini bevosita ko‘zdan kechirib, seminarda bildirilgan ilmiy tavsiyalarning amaldagi natijalari bilan tanishdilar. Mutaxassislar har bir agrotexnik jarayon yuzasidan amaliy tushunchalar berib, fermerlarni qiziqtirgan savollarga joyida javob qaytardilar. Paxta maydonida to‘g‘ri amalga oshirilgan agrotexnik tadbirlar vazirga ma’qul keldi. Shunday bo‘lsa-da, etefon va aguron bilan o‘z vaqtida ishlov berish lozimligi alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida yuqori hosildorlikka erishishning asosiy omili faqat mehnat hajmini oshirish emas, balki ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalar va zamonaviy agrotexnik yechimlarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish hisoblanadi. Website Telegram Facebook YouTube Instagram

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.