Butunjahon paxta kuni: O‘zbekiston tajribasi e’tirof etildi

Ayni paytda poytaxtimizdagi nufuzli xalqaro tadbirlar maskanida Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda Butunjahon paxta kuni keng nishonlanmoqda.
Dunyoning 30 dan ortiq davlatlaridan tashrif buyurgan soha mutaxassislari, olimlar, ekspertlar hamda paxtachilik sohasi vakillari ishtirok etayotgan mazkur tadbir nafaqat paxtaning jahon iqtisodiyotidagi o‘rni, balki bugungi zamonaviy paxtachilikning yangi qiyofasini muhokama qilish uchun muhim xalqaro minbar vazifasini o‘tamoqda.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan mehmonlar bugungi kunda jahon paxtachiligida innovatsion texnologiyalar, ilm-fan yutuqlari, raqamlashtirish va resurs tejamkor agrotexnologiyalar tobora keng qo‘llanilayotganini alohida ta’kidladilar. Ayniqsa, O‘zbekistonda so‘nggi yillarda paxtachilikni yangi bosqichga olib chiqish, hosildorlikni oshirish, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortayotgani qayd etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov o‘z nutqida mamlakatimiz paxtachiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi agrotexnologiyalar va innovatsion yondashuvlarga alohida to‘xtalib, bugungi kunda fermer xo‘jaliklarida yuqori hosildorlikka erishish uchun aniq va ilmiy asoslangan tizim shakllanayotganini ta’kidladi.
Xususan, joriy yilda paxtachilikda “8 ta qonun” tamoyili asosida ish olib borilayotgani qayd etildi. Mazkur yondashuv paxta yetishtirishning har bir bosqichida — ekishdan tortib, parvarishlash, oziqlantirish, o‘suv davrini boshqarish va hosilni o‘z vaqtida yig‘ib-terib olishgacha bo‘lgan jarayonlarda aniq agrotexnik talablarni ta’minlashga qaratilgan.
Eng muhimi, bu talablar shunchaki nazariy ko‘rsatmalar emas, balki amaliyotda o‘z samarasini namoyon etmoqda.
Bugun mamlakatimizning qator hududlarida fermerlar ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llagan holda gektaridan 70–80 sentner, ayrim ilg‘or xo‘jaliklarda esa 100 sentnergacha paxta hosili olishga erishmoqda.
Butunjahon paxta kuni doirasidagi bugungi muloqotlar ham aynan shuni ko‘rsatmoqdaki, paxtachilik kelajagi faqat ko‘proq hosil olishda emas, balki kamroq resurs sarflab, yuqori samaradorlikka erishish, mahsulot sifatini oshirish va raqobatbardosh ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishda namoyon bo‘ladi.
O‘zbekistonning xalqaro paxtachilik hamjamiyatidagi mavqei ham ana shu jarayonlar bilan chambarchas bog‘liq. Mamlakatimizda yaratilayotgan yangi tajribalar, innovatsion agrotexnologiyalar va yuqori hosildorlikka erishayotgan fermerlar faoliyati xalqaro maydonda muhokama qilinayotgani esa O‘zbekiston paxtachiligining yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram