BOG'DORCHILIK SOHASIDAGI XALQARO HAMKORLIKLAR REAL NATIJALARGA AYLANMOQDA

Milliy markazda o'zaro fikr va tajriba almashish uchun seminarlar o'tkazish an'anaga aylanganini bizni doimiy kuzatuvchilarimiz yaxshi biladi. Shunday seminarlardan biri Milliy markaz va tizim tashkilotlarimizdan xorijiy safar va stajirovkaga yuborilgan xodimlarning o'zlashtirgan tajribalari bilan o'rtoqlashishi barchaga birdek manfaatli bo'lmoqda.
Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog'dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti rahbari va xodimlari o'tgan 9 oyda xorijga amalga oshirgan safarlari haqida taqdimot qildi. Institut direktori Alijon Esanqulov Belarus, Turkiya va Ozarbayjon Respublikalariga qilgan tashrifi va erishilgan kelishuvlar har ikki mamlakatlar uchun manfaatli bo'lganini ta'kidlab o'tdi. Dastlab, Belarus Respublikasining "Yagodka" fermer xo'jaligiga borib, 35000 dona golubika ko'chatlarini mamlakatimizga olib kelishga erishgan. Kelgusida yurtimizda golubika plantatsiyalari tashkil etish ko'zda tutilganini ma'lum qildi. Shuningdek, Turkiyaning "Bademli" kompaniyasi bilan anjir, funduk va bodom ko'chatlarini O'zbekistonga olib kelish va ikki tomonlama ilmiy-tadqiqotlarni olib borish bo'yicha shartnoma imzolashga erishilgan. Ozarbayjon Respublikasining Choychilik va mevachilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan funduk seleksiyasi bo'yicha ilmiy hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha memorandum imzolangani va hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish bo'yicha kelishib olingani haqida ta'kidlab o'tdi.
Institut xodimlari Shuhrat Ahmedov Tojikiston Respublikasiga va Abdurahmon Allayorov Italiya Respublikasiga amalga oshirgan safarlari haqida ishtirokchilarga ma'lumot berdi.
Tojikistonning Sug'd viloyatida O'zbekiston Agroxizmatlar markazi filiali ochilish marosimida ishtirok etgan olim Shuhrat Ahmedov sug'dlik fermer va dehqonlarga bog'dorchilikka oid muhim tavsiyalar berib, O'zbekistonning bog'dorchilik sohasidagi yangiliklari bilan mezbonlarni tanishtirgan.
Abdurahmon Allayorov esa Italiya Respublikasiga EU-AGRIN loyihasi doirasida 1 haftalik malaka oshirish tadbirlarida qatnashib keldi. Unda Italiyaning Lodi shahridagi o'simliklarni himoya qilish va oziq ovqat mahsulotlarini tekshiruvdan o'tkazuvchi maxsus laboratoriyalar katta qiziqish uyg'otganini so'zlab berdi. Eng ahamiyatlisi bu laboratoriyadagi jihozlarning barchasi O'zbekistonda ham mavjud deya ta'kidladi. Shuningdek, ular Italiyaning Asti shahrida joylashgan Yevropaning nufuzli vinochilik va uzumchilik tashkiloti CREA faoliyati bilan ham tanishganligi, vinoga ishlov berishda yangicha metodlar qo'llanilayotgani haqida ma'lumot berdi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube