Bizda paxta to‘la pishadimi o‘zi?

O‘zbekiston paxta yetishtiruvchilar ichida eng shimolda joylashgan mamlakat bo‘lib, bizda g‘o‘zaning barqaror o‘sib, to‘liq hosil berishi ancha murakkab. Aslida, tabiiy vegetatsiya davri 170–250 kungacha cho‘ziladigan g‘o‘za Amerika, Afrika yoki Avstraliya mintaqalaridagi paxta yetishtiruvchi mamlakatlarda uzoq issiq mavsum hisobiga to‘la pishib yetilish imkoniyatiga ega bo‘lsa, aksincha, O‘zbekiston sharoitida, garchi quyosh, issiqlik, suv, dehqonchilik tajribasi va parvarish madaniyati yetarli bo‘lsa-da, g‘o‘zaning tabiiy jihatdan “to‘la” pishib yetilishi har doim ham oson kechmaydi. Vegetatsiya imkoniyati amalda 120–130 kun atrofida bo‘ladigan yurtimizda qishning sovuq kunlari odatda oktabr oxiri — noyabr boshidan sezila boshlasa ham, avgust–sentabr oylarida, hatto oktabr boshida ham g‘o‘za o‘sishga, shoxlashga, barg chiqarishga, gullashga va yangi ko‘sak bog‘lashga intilaveradi.
Albatta, shu o‘rinda o‘zbek seleksionerlarining oxirgi yuz yillikdagi eng katta tarixiy yutug‘ini alohida e'tirof etish kerak: ular g‘o‘zaning tabiatan uzoq vegetatsiyaga moyil navlarini O‘zbekistonning 110–130 kunlik qisqa mavsumida pishib yetila oladigan madaniy navlarga aylantirishga ulkan hissa qo‘shdi. Bu mamlakat paxtachiligi, milliy seleksiya maktabi va ilm-fanimizning katta muvaffaqiyati. Biroq o‘tgan yillardagi tajriba ko‘rsatmoqdaki, ertapishar navning o‘zi ham to‘liq yechim bo‘la olmaydi.
Shuning uchun O‘zbekistonda yaratilgan g‘o‘za navlari ertapishar bo‘lsa-da, “g‘o‘za yaxshi rivojlanayaptimi?” degan savol bilan birga, “g‘o‘za o‘z vaqtida pishadimi?”, “ko‘sak ochilarmikan?”, “paxta tosh bosarmikan?”, “fermerning butun mavsum davomida qilgan mehnati haqiqiy terib olinadigan hosilga aylanarmikan yoki bir qismi ochilmagan ko‘saklar ko‘rinishida dalada qolib ketarmikan?”, degan savollar bugun juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Paxtada haqiqiy hosil ko‘z bilan sanab qo‘yilgan yashil ko‘sak emas. Haqiqiy hosil pishgan, ochilgan, tolasi shakllangan, chigiti to‘lgan, vazni og‘ir va terib olingan lo‘ppi paxtadir. Dalada ko‘p ko‘sak turishi barchamizning ko‘zimizni quvontiradi, albatta, lekin agar o‘sha ko‘saklar kuz sovug‘i kirguncha ochilmasa, tola pishib yetilmasa, u terim savatiga tushmasa, chamalangan hosil amalda fermer daromadiga aylanmaydi.
G‘o‘za qisqa mavsumli, tez pishib beradigan oddiy bir yillik o‘simlik emas. Uning tabiiy kelib chiqishida ko‘p yillik, daraxtsimon-butasimon xususiyat bor. Sharoit bo‘lsa, g‘o‘za o‘sishda davom etadi, yana shoxlaydi, yana barg chiqaradi, yana gullaydi, yana yangi ko‘sak tugaveradi. Bu tiriklikning maqsadi va qonuniyatidir. Biroq biz dehqonchilikda tabiatning mana shu qonuniyatlarini boshqarmasak, o‘simlikni o‘z vaqtida hosil berishga yo‘naltirmasak, ayniqsa, O‘zbekiston kabi qisqa mavsumli mintaqada g‘o‘za o‘zining uzoq o‘sishga moyil tabiati bilan biz kutgan hosilni berishga ulgurmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasida chop etilgan “G‘o‘zaning “merosi” dalada qolmasin yoxud paxtani faqat o‘stirish emas, vaqtida pishirish ham kerak” sarlavhali maqolasidan.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube