Biochar”, “Bokashi” va “Jivamrit” — Jizzaxda yangi avlod dehqonchilik usullari tatbiq etilmoqda

Bugun Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov amaliy tashrif bilan Jizzax viloyatiga bordi. Tashrif doirasida vazir Paxtakor tumanidagi “Jamshid Xurshid” fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, ekologik toza o‘g‘itlash texnologiyalariga bag‘ishlangan “Biochar”, “Bokashi” va “Jivamrit” mavzusida o‘tkazilgan nazariy va amaliy seminarda bevosita ishtirok etdi.
Seminarda fermer xo‘jaliklari rahbarlari, klasterlar vakillari, agronomlar, olimlar hamda soha mutasaddilari qatnashdilar.
Seminarning nazariy qismida Xalqaro paxta bo‘yicha maslahat qo‘mitasi (ICAC) texnik direktori, doktor Keshav Kranti “Biochar”, “Bokashi” va “Jivamrit” texnologiyalarining ilmiy asoslari, samarali qo‘llash yo‘llari hamda agroekotizim barqarorligidagi o‘rni haqida ma’ruza qildi.
U o‘z chiqishida bu texnologiyalar tuproqdagi biologik hayotni tiklash, suvdan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va barqaror dehqonchilikni shakllantirish imkonini berishini ta’kidladi.
Amaliy qismda ishtirokchilarga “Biochar”, “Bokashi” va “Jivamrit” tayyorlash, kompostlash va dalada qo‘llash jarayonlari bosqichma-bosqich namoyish etildi.
— Biochar — yog‘och qoldiqlari, poxol, somon kabi tabiiy chiqindilardan olinadigan, tuproqning nam saqlash va havodorlik xususiyatini yaxshilovchi modda.
— Bokashi — organik chiqindilarni foydali mikroorganizmlar yordamida fermentatsiya qilish orqali olinadigan, o‘simlikka tez so‘riluvchi o‘g‘it.
— Jivamrit — sigir go‘ngi, siydigi, guruch uni, shakarqamish sharbati va tuproq bakteriyalaridan tayyorlanadigan, tuproqdagi mikroflorani faollashtiruvchi biologik o‘g‘it.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu texnologiyalarni birgalikda qo‘llash natijasida tuproq unumdorligini 2–3 barobarga oshirish, mineral o‘g‘itlarga ehtiyojni kamaytirish va ekologik toza hosil yetishtirish mumkin.
Vazir o‘z navbatida, ekologik texnologiyalarni amaliyotda keng joriy etish zarurligini, bu esa iqtisodiy samaradorlik, tuproq salomatligi va ekologik muvozanatni saqlash uchun muhimligini alohida qayd etdi.
Zero, bugungi kunda tuproq unumdorligini asrash va hosildorlikni oshirish — bu barqaror dehqonchilikning eng muhim tamoyillaridan biridir.
Website Telegram Facebook YouTube Instagram