BEHI — OLTIN KUZNING BEBAHO TUHFASI

Behi mevasining shifobaxshligi qadim-qadimdan ma`lum. Unda juda ko`p pektin birikmalari, fruktoza, glyukoza, kaliy tuzlari, temir, kalsiy, fosfor va mis bor. Ayni kuz paytida pishib etiladigan behining boshqa foydali xususiyatlari haqida ma`lumot beramiz.
Behining foydali xususiyatlari
Behi mevasidan damlama tayyorlab ichish kamqonlilikda tavsiya etiladi. Uni tayyorlash uchun behi kichik bo`laklarga bo`linadi, idishga solinib, ustidan suv quyib yumshagunicha qaynatiladi, siqib olingan sharbatini damlama shakliga kelib, quyuqlashguncha qaynatiladi.
Behining yangi uzilgan mevasi tarkibida temir moddasi ko'pligi bois, kamqonlilikning oldini olish hamda uni davolashda, uzoq davom etgan kasalliklar, tana harorati balandligidan qiynalganda iste'mol qilinadi.
Qadim-qadimdan tarkibi pektin moddasiga boy behi mevasi ich ketish bilan bog'liq ichak kasalliklarini davolashda iste'mol qilingan. Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sino oshqozon-me'da faoliyati buzilganida, uning mevasi sharbatini asal va sirka qo'shib “oshqozonni quvvatlantirish” va “zaif jigar”ni davolash maqsadida iste'mol qilishni tavsiya etgan. Shuningdek, behi yuz terisini tiniqlashtiruvchi yaxshi vosita ekanini ta'kidlagan.
BEHIDAN FOYDALI DAMLAMALAR
Behining urug'i va barglaridan damlangan choy buyrak kasalliklarida peshob haydovchi vositadir. Behining quritilgan barglaridan 1 osh qoshiq olinadi, urug'idan ham shuncha miqdor qo'shiladi, ustidan 200 gr. qaynagan suv quyib, past olovda 5-6 daqiqa qaynatiladi, tindirib, dokadan o'tkazib, ta'bga ko'ra asal qo'shiladi. Kuniga 3-4 mahal 1 osh qoshiqdan ichiladi.
ZARARLI TOMONI HAM BORMI?
Albatta, har bir mahsulotning foydali va zararli tarafi bo'lganidek, behining ham zararli xususiyatlari mavjud. Masalan, behining mevasi va urug'i biriktiruvchi va mustahkamlovchi bo'lgani bois, kolit va oshqozon yarasi bor kishilarda ichak va yumshoq qobiqda tiqilma va spazmani yuzaga keltirishi mumkin.
Shuningdek, plevrit va qabziyatda behi iste'mol qilmaslik lozim. Mevasi mayda tuk bilan qoplangani sababli, po'sti artilmasdan iste'mol qilinganda ovoz pardalari va xalqumga ziyon yetkazib, kishini yo'taltirib qo'yadi. Shu sababdan artilmagan yangi behini notiqlik bilan bog'liq kasb egalariga iste'mol qilishdan tiyilish tavsiya etiladi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube