Шрифт:
Цвет:
Карта сайта Войти
Gerb

Atoqli olim Shavkat Salixov 80 yoshda

Atoqli olim Shavkat Salixov 80 yoshda
Atoqli olim, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi akademik Shavkat Salixov o‘zining muborak 80 yoshini qarshi oldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Fanlar akademiyasida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizning yetuk olimlari jam bo‘ldilar. Tadbirda so‘zga chiqqanlar olimning hayot yo‘li, ilmda erishgan yuksak natijalar va ibratli voqealar xususida so‘z yuritishdi, iliq fikrlar bildirishdi. Ushbu tadbirda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov ham ishtirok etib, Milliy markaz jamoasi, qolaversa agrar soha ilm-fani olimlari nomidan samimiy tabrikladi. Muhtaram Shavkat Ismailovich! Sizni ilm-ma’rifat ahli va jamoatchilik, bioorganik kimyo va biotexnologiya sohalarida jahon ilm-fanida yaxshi tanilgan yetuk olim sifatida yaxshi bilishadi. Siz navqiron 80 yoshingizda ham Respublikamiz iqtisodiyotini rivojlanishiga, ilm-fanni yuksalishiga katta hissa qo‘shib, hormay-tolmay xizmat qilib kelmoqdasiz. Siz to‘plagan ilmiy-amaliy va hayotiy tajriba, shogirdlarga bergan yo‘l-yo‘riq va o‘gitlar yosh avlodni tarbiyalash, sohaga yuksak malakali kadrlarni yetishtirish borasida o‘ziga xos maktab bo‘lib xizmat qilmoqda. Milliy markaz jamoasi sizni serqirra olim, ilmiy qiziqishlari keng iste’dodli mutaxassis, mohir tashkilotchi, ilm-fanning targ‘ibotchisi sifatida doimo hurmat qiladi. Sizni talabchan, odil, jamoa ehtiyojlariga, tashvishlariga befarq qaray olmaydigan inson deb biladi. Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, hayotingizda osoyishtalik, ilmiy ishlaringizda muvaffaqiyatlar va oilangizga tinchlik tilaydi, – dedi Shuhrat Otajonov o‘z tabrigida. Akademik Shavkat Salixov Toshkent davlat universitetining “Kimyo” fakultetida tahsil olgan. 1972-yilda nomzodlik dissertatsiyasini, 1984-yilda esa Moskvaning “Davlat organik kimyo va texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti”da doktorlik dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan. 1973-yilda akademik A.S.Sodiqov nomidagi “Bioorganik kimyo instituti”da laboratoriya mudiri, 1993-2006-yillarda shu institutning direktori lavozimida faoliyat yuritib, shu o‘tgan vaqt mobaynida akademik Shavkat Ismailovichning 400 dan ortiq ilmiy ishlari, shulardan 2 ta monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr qilindi. Uning ilmiy rahbarligida 9 ta fan doktori va 26 ta fan nomzodlari tayyorlangan. Akademik Shavkat Ismailovich 2006-2017-yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti lavozimida faoliyat olib bordi. Akademik ilmiy faoliyatining dastlabki davrlaridayoq yetuk tashkilotchilik qobiliyatini namoyon qilgan. Uning tashabbusi bilan o‘simliklarning mikroblarga va zamburug‘larga qarshi faolligi namoyon bo‘lishining molekulyar mexanizmlarini o‘rnatish maqsadida O‘rta Osiyoga endemik o‘simliklar urug‘lari va ko‘chatlarida kationik peptidlarni tizimli tadqiq qilishni boshladi. Natijada O‘rta Osiyoga endemik o‘simliklardan ekinlarni gen injeneriyasida qo‘llash uchun qiziqish va istiqbolli peptidlar ajratildi. Ayniqsa, akademik Sh.Salixov tomonidan yaratilgan virusga qarshi “Rutan” preparati “COVID-19”ga qarshi samarali preparat sifatida davolash bayonnomalariga kiritilganligini alohida e’tirof etish zarur. Salixov Shavkat Ismailovichning ilmiy, tashkiliy va jamoatchilik faoliyati davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi”, “El-yurt hurmati” ordeni, “Mehnat shuhrati” ordeni, “Fan va texnologiya sohasidagi xalqaro hamkorlik-2017” mukofoti, Xitoy Xalq Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling! WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube

Открыть источник в Telegram

Отправить сообщение об ошибке администрации
Спасибо! Ваше сообщение отправлено.