"Aqlli qishloq" xo‘jaligi innovatsion markazini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shodmon Namozov hamda Koreya Respublikasi delegatsiyasi vakili Kim Ju Yong ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–321-son qarori doirasida amalga oshirilayotgan “Aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalari innovatsion markazi” loyihasining yakuniy bosqichdagi vazifalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, loyiha doirasida so‘nggi besh yil davomida markaz infratuzilmasini yaratish, uni zamonaviy ilmiy va texnologik uskunalar bilan jihozlash, mutaxassislarni tayyorlash hamda smart-fermerlik texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Natijada qishloq xo‘jaligida raqamli texnologiyalar, aqlli issiqxonalar, zamonaviy laboratoriyalar va innovatsion yechimlarni amaliyotga tatbiq etish uchun zarur baza shakllantirildi.
Uchrashuvda endilikdagi asosiy vazifa markazni rasman qabul qilib olish, uning barqaror faoliyati uchun zarur tashkiliy masalalarni hal etish va to‘liq ishga tushirish ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan uskunalardan foydalanish uchun mas’ul mutaxassislarni belgilash, kadrlarni qo‘shimcha o‘qitish hamda markazning kelgusi faoliyatini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, markaz hududida Koreya tomonidan barpo etilgan aqlli issiqxonalardan samarali foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Koreyalik hamkorlar ushbu issiqxonalarda ilmiy-amaliy tajribalarni yo‘lga qo‘yish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish maqsadida 30 ming tup qulupnay ko‘chatlarini taqdim etishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildilar.
Joriy yilning avgust–sentyabr oylarida koreyalik mutaxassislar ishtirokida qo‘shimcha o‘quv-seminarlar tashkil etilishi ham bildirildi. Ularda zamonaviy uskunalardan foydalanish, laboratoriya ma’lumotlarini tahlil qilish hamda smart-fermerlik texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tajriba almashiladi.
Uchrashuv davomida loyihaning keyingi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilovchi reja ham muhokama qilindi. Tomonlar markaz faoliyatini samarali tashkil etish va uning barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning to‘rtinchi choragida “Aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalari innovatsion markazi”ni tantanali ravishda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Milliy markazning rasmiy sahifalarini kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook| Youtube