"AQLLI QISHLOQ XO'JALIGI" BOSHQARUVI BO'YICHA SEMINARLAR BOSHLANDI

Bugun Milliy markazda Janubiy Koreyaning xalqaro "DICA" tashkiloti olimlari ishtirokida o'quv seminarlari start oldi.
Qishloq xo'jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va Koreyaning xalqaro DICA tashkiloti hamkorligida Milliy markaz huzurida "Aqlli issiqxona" va "Meva sabzavotchilikda ilg'or texnologiyalar o'quv markazi" tashkil etilib, bu yerda issiqxona xo'jaliklarini tashkil etgan yoki tashkil etishni maqsad qilgan mutaxassislarining malakasi oshiriladi. Kelgusida ushbu markaz resurs tejamkor, zamonaviy issiqxonalar boshqaruvi yo'lga qo'yilishiga xizmat qiladi.
Avvalroq, mazkur loyihalar doirasida o'zbekistonlik olimlar Koreya tajribasini o'rganib qaytgani haqida ham xabar bergan edik.
Loyihaning navbatdagi dasturiga muvofiq koreyalik olimlar ishtirokida 1 haftalik o'quv-seminarlar Milliy markaz va uning tizimidagi ilmiy muassasalarda bo'lib o'tadi. Xorijlik olimlar "Aqlli issiqxona" boshqaruvi va mahsulotlarni saqlash, qayta ishlash hamda zararkunandalarga qarshi kurashish borasidagi o'z tajribalarini bo'lishadi.
Seminarlar Milliy markaz tizimidagi akademik Mahmud Mirzayev nomidagi Bog'dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy -tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universitetlarida bo'lib o'tadi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube