Agrotavsiya

Turp – salomatlikka ham, ro‘zg‘orga ham foyda keltiradigan ekin
Turp – inson salomatligi uchun foydali bo‘lgan sabzavotlardan biri. Uning ildizmevasi mineral moddalarga boy. Turp o‘zining tarkibiga ko‘ra qish fasli tugab, bahor boshlanishida, xalqimiz “ilik uzildi” deb ataydigan kunlarda, organizmda yetishmayotgan vitaminlar va mineral tuzlar o‘rnini to‘ldirishda juda foydalidir. U mikroblarga qarshi kuashuvchan kuchli xususiyatlarga ega.
Yurtimizda ekish uchun turpning “Andijon–9”, “Marg‘ilon mahalliysi”, “Daykon”, “Sodiq” va “Kuz hadyasi” navlari tavsiya etiladi. Turp urug‘i markaziy mintaqada joylashgan hududlarda 1-15 avgustda, shimoliy hududlarda 25 iyul-10 avgust, janubiy viloyatlarda 20 avgust-20 sentyabrda sochma hamda qator qilib ekish mumkin. Har 2 usulda ham egat orasi 70 sm olinadi. Urug‘ qo‘lda sepiladi. Har 1 sotix yerga 50–60 g turp urug‘i sarf bo‘ladi va 1,5 sm chuqurlikda ekiladi. Tuproq xaskash bilan tirmalanadi.
Nihollar unib chiqqandan so‘ng tezda o‘tash va yaganalash kerak. Birinchi yagana urug‘ yerdan unib chiqishi bilan, ikkinchisi 2–3 barg chiqarganda o‘tkaziladi. Bunda tup orasi 10–12 sm kenglikda qoldiriladi. Qator oralarini o‘simlik atrofi bilan qo‘l kuchi yordamida ketmon bilan 15–16 sm chuqurlikda yumshatib turish, mineral oziqa va suv berib borish kerak. Vegetatsiya mobaynida har ikki-uch sug‘orishdan keyin qator oralarini yumshatilib boriladi. Turp maydoni begona o‘tlardan tozalanib, yagana qilingandan so‘ng o‘g‘itlanadi. Bunda 1 sotix yerga sulfat ammoniy – 2 kg, ammofos – 1,5 kg, kaliy xlor – 0,5 kg/ga me’yorda solinadi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish
Turpga zararkunandalardan – uzunburun, shira, barg burgalari, kasalliklardan – un-shudring va oq chirish katta zarar yetkazadi. Zararkunandalariga qarshi 10 sotix ekin maydoniga Mospilan 20% n.kuk. 25–30 g me’yorda qo‘llaniladi.
Kasalliklarga qarshi – 72,2% s.e.k. Previkur 150 ml, Kurzat R n.kuk. 200–250 g yoki 1 foizli Bordo suyuqligining 60–70 l suvda tayyorlangan aralashmasini purkash yaxshi samara beradi. Bu kimyoviy preparatlarni mutaxassislar nazoratida qo‘llash tavsiya etiladi.
Turp ekini sovuqqa chidamli bo‘lsada, ildizmevasi tuproq muzlab qolmasdan oldin yig‘ib olinishi kerak. O‘rtacha 10–15 sm kattalikdagi turp mevasining sifati yuqori bo‘ladi. Biroq, hosil ildizmevalar diametri 5–10 sm bo‘lganda ham yig‘ib olinishi mumkin.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook | Youtube