AGROTAVSIYA

TO'QSONBOSTI USULDA SABZI YETISHTIRISH
⏩To‘qsonbosti usulida sovuqqa chidamli sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, shivit, petrushka, selderey, kashnich, salat, rukkola) yetishtiriladi.
Sabzi urug‘ini to‘qsonbosti usulida:
janubiy viloyatlarda 1-30 dekabrda,
markaziy viloyatlarda 15-noyabr – 15-dekabr,
shimoliy viloyatlarda 1-noyabr – 1-dekabr kunlari ekish tavsiya qilinadi.
Ushbu usulda asosan ildizmevasi qizil rangli mahalliy "Ziynatli", "Farovon" yoki xorijning "Shantane 2461", "Kuroda Shantane", "Nantskaya 4", "Kanada" va "Karson" kabi nav va duragaylarini ekish tavsiya etiladi. Urug‘ sarfi gektariga 5-6 kgni tashkil etib, sabzi urug‘lari 1,5-2 sm chuqurlikka 52×8 va 62×8 sm sxemada yoki qo‘lda sochib ekiladi.
To‘qsonbosti usulda sabzi urug‘i sepilgandan so‘ng maydon sug‘orilmaydi. Barcha agrotexnik tadbirlar bahorda boshlanadi.
Bahorda sabzi urug‘lari unib chiqishi bilan darhol begona o‘tlardan 2 marta o‘taladi hamda yaganalanadi. Dastlabki o‘tash sabzi bitta chinbarg chiqarganda, keyingisi esa 3-4 barg chiqarganda o‘tkaziladi. Har o‘toq davomida yagana ham qilib boriladi. Shu bilan birga begona o‘tlarni yo‘qotish uchun gerbisidlardan foydalanish mumkin, Bunda bir yillik o‘tlarga qarshi, ekishdan oldin gektariga Gezagard-50 yoki Prometrin preparatini har gektariga 2-3 kgdan begona o‘tlar urug‘i yerdan ungunga qadar yoki 1-2 chinbarg chiqargan vaqtda; Fyuzilad Super 12,5% preparatini gektariga 1-2 kg hisobidan begona o‘tlar urug‘i 2-4 ta barg chiqargan vaqtida purkaladi.
Shuningdek, sabzi ikkinchi marta yagana qilinib, o‘tdan tozalangandan keyin qator oralari traktor kultivatorida yumshatiladi.
Sabzi yetishtirishda tuproq namligi 70-75% bo‘lishi kerak. Urug‘ unib chiqishiga qishda va bahorda yoqqan yog‘ingarchilik miqdori yetarli hisoblanadi. Ayrim, ya’ni ko‘klamda yog‘ingarchilik kam kelgan yillardagina urug‘ning unib chiqishini tezlashtirish maqsadida urug‘ suvi beriladi.
Bizning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |Youtube