AGRO_TAVSIYA

#Bizning_navlar
O‘rik – yurakka quvvat, daromadga baraka beradigan meva
Shu kunlarda serquyosh diyorimizdagi bog‘larda mevalar birin-ketin pisha boshladi. Ayniqsa, o‘riklar g‘arq pishdi. Ta’kidlash kerakki, bu yil o‘rik hosili mo‘l bo‘ldi. Dehqon ta’biri bilan aytganda, o‘rikning yili keldi.
Kezi kelganda aytib o‘tish kerak. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimidagi Akademik Mahmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan o‘rikning 26 ta mahalliy navi yaratilgan. Quyida yurtimizda keng tarqalgan o‘rik navlarining ayrimlarining tasnifiga to‘xtalamiz.
O‘rikning “Guliston” navi. Ushbu nav Akademik Mahmud Mirzaev nomli bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida yaratilgan. 1993-yildan Samarqand, Namangan va Xorazm viloyatlari bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan.
Nav ertapishar, mevasi iyunning birinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtning bo‘yi o‘rtacha 3,8 m, shox-shabbasini diametri 3,2 m.
Mevasini o‘rtacha vazni 22-25 g, rangi sariq bo‘lib, danagidan yaxshi ajraladi. Mazasi nordon-shirin, o‘ziga xos hidi bor. Mevasining pishgan vaqtidagi ta’m bahosi 4,4 ball.
O‘rikning “Isfarak” navi esa 1959-yildan Andijon, Qashqadaryo, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan.
Nav ertapishar, mevasi iyunning ikkinchi o‘n kunligida pishadi. Daraxtning bo‘yi o‘rtacha, shox-shabbasi serbarg, yettinchi yili xosilga kiradi.
Mevasi dumaloq, rangi sariq-zarg‘aldoq, sal pushtisi bor, mevasini o‘rtacha vazni 38 g.
Eti och zarg‘aldoq, juda zich, mazasi nordon-shirin, xushbo‘y. Mevasininig pishgan vaqtidagi ta’m bahosi 5,0 ball.
“Subxoni” navi ham xalqimiz tomonidan sevib iste’mol qilinadi. Ushbu nav 1959-yildan Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyati bo‘yicha Davlat reestriga kiritilgan.
Nav erta pishar, mevasi iyunning birinchi o'n kunligida pishadi. Mevasi keng tuxumsimon, rangi yashil tusli och zarg‘aldoq och pushti g‘ubori bor. Mevasi yirik o‘rtacha vazni 32 g. Eti to‘q sariq, o‘rtacha sershira, mazasi nordon-shirin. Mevasining pishgan vaqtidagi ta’m bahosi 4,5 ball.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube