AGRO_TAVSIYA

LOVIYA (FASOL) YETISHTIRISH
Loviya – dukkaklilar oilasiga mansub don ekini. Mevasi dukkak, rangi och pushti yoki to‘q jigarrang, qora. Dukkagida 6-12 ta urug‘ bo‘ladi. Urug‘i buyraksimon, rangi oq, sariq, pushti.
Loviya issiqsevar o‘simlik, urug‘i 8-10°da unib chiqadi. Maysasi 0,5-1° sovuqda nobud bo‘ladi. Loviya namsevar, unumdor tuproq sharoitlariga talabchan. O‘suv davri 75-120 kunni tashkil etadi. Yormasi oqsilga boy, yuqori kaloriyaga ega. Doni tarkibida 20-31% oqsil, 0,7-3,6% moy, 50% kraxmal, 2,3-7,1% kletchatka mavjud. Poyasi chorva mollari uchun yaxshi ozuqa hisoblanadi. Hosildorligi 25-40 s/ga teng bo‘ladi.
Ekish uchun mahalliy navlar tavsiya etiladi.
Urug‘lik ekish uchun bir xil o‘lchamli, to‘la yetilgan, shikastlanmagan urug‘lar tanlanadi. Loviya kuzgi don ekinlaridan va chopiq qilinadigan ekinlardan keyin ekiladi. Bir ekilgan joyga 2-3 yildan keyin qayta ekiladi. Dala o‘tmishdosh ekinlarning qoldiqlari va begona o‘tlardan tozalanib, yer 25-27 sm chuqurlikda yumshatiladi va tekislanadi.
Loviya zararkunandalari: loviya va no‘xat donxo‘rlari; kasalliklardan eng ko‘p zararlaydigani antraknoz va bakterioz. Loviya urug‘i iyun–iyul oylarida qator orasi 60-70 sm qilib ekiladi. Ekish chuqurligi 4-6 sm tashkil qiladi. 10 sotix maydonga 6-8 kg urug‘ sarflanadi. Loviya yagana qilinmaydi. Sug‘oriladigan sharoitda shonalashgacha 1-2 marta, shonalash-gullash davrida 2 marta sug‘oriladi. O‘tmishdosh ekinga go‘ng solinadi. Talab qilinsa 10 sotix maydonga sof moda hisobida 3-5 kg azot, 2-3 kg fosfor, 3-3,5 kg kaliy sepiladi. Fosfor va kaliy yerni tayyorlash vaqtida solinadi. Azotli o‘g‘it amal davrida sepiladi.
Don olish uchun dukkakning 70-75 foizi yetilganda hosil yig‘iladi. Poyasi chorva mollari uchun ozuqa bo‘ladi.
Milliy markazning rasmiy sahifalariga obuna bo'ling!
WEB|Telegram| Instagram | Facebook |▶ Youtube