15-oktyabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni

Har yili 15-oktyabrda Xalqaro qishloq ayollari kuni nishonlanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ta’sis etilgan ushbu sana ilk bor 2008-yilda keng nishonlangan. Uning asosiy maqsadi qishloq ayollarining qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq hududlari taraqqiyotidagi muhim hissasini e’tirof etishdan iborat.
Qishloq ayollari — dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik, mahsulot yetishtirish va uni qayta ishlash jarayonlarining faol ishtirokchilari. Ularning zahmatli mehnati dasturxonimiz to‘kinligi, oilalar farovonligi va qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Qolaversa, ular milliy dehqonchilik an’analari, mahalliy navlar va avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan tajribalarni asrab-avaylashda ham katta rol o‘ynaydi.
Shu bilan birga, qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash, ularning yer, moliyaviy resurslar, zamonaviy texnologiyalar va bilim olish imkoniyatlarini kengaytirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Ayollarning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirishi va qishloq xo‘jaligiga oid qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini oshirish qishloq hududlarining iqtisodiy rivojiga xizmat qiladi.
Xalqaro qishloq ayollari kuni — fidoyi ayollarning mehnatini qadrlash, ularning jamiyatdagi o‘rnini e’tirof etish va yangi imkoniyatlar yaratishga chorlovchi muhim sanadir. Zero, qishloq ayolining farovonligi — oila farovonligi, qishloq taraqqiyoti va mamlakat kelajagi demakdir. Barcha qishloq ayollariga ehtirom va tashakkur!
Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring.
WEB| Telegram| Instagram | Facebook|Youtube